2027-yil 1-yanvardan — yangi standartlar bo‘yicha: MHMS kompaniyalar hisobotida nimalarni o‘zgartiradi
23 noyabr 2026
2027-yilda O‘zbekistonda moliyaviy hisobotning milliy standartlari kuchga kiradi. O‘zgarishlar kimlarga taalluqli bo‘lishi, hisobotlarda nimalarni qayta tashkil etish kerakligi va 1C dasturidagi hisobni oldindan qanday tayyorlash mumkinligini ko‘rib chiqamiz.
Dekabr — buxgalteriya uchun eng qizg‘in davr: yilni yopish, solishtirishlar, hisobotlar. Bu yil odatiy vazifalarga yana bir masala qo‘shildi. 2027-yil 1-yanvardan moliyaviy hisobotning dastlabki milliy standartlari (MHMS) kuchga kiradi. Hisobni zudlik bilan qayta tashkil etish, hisobvaraqlar rejasini almashtirish va qayta o‘qish kerakmi?
Qisqa javob — yo‘q. Aksariyat operatsiyalarni hisobga olish tartibi avvalgidek qoladi, birinchi navbatda hisobotning ko‘rinishi va unda nimalarni tushuntirish kerakligi o‘zgaradi.
«Ko‘plab buxgalterlar MHMSni hisobni noldan yangi tizimga o‘tkazish deb qabul qiladilar. Aslida bu evolyutsion jarayon: ayrim tamoyillar amaldagi standartlarda ham mavjud, yangi qoidalar esa ularni aniqlashtiradi. Eng muhimi — aynan sizning kompaniyangizga nimalar taalluqli ekanini oldindan tushunib olish», — deya tushuntiradi Leading kompaniyasining metodologi va axborot-texnologik qo‘llab-quvvatlash bo‘limi rahbari Ilhom Norquziyev.
Yangi standartlar nima uchun kerak
Moliyaviy hisobot — kompaniyaning o‘ziga xos portreti. Uning asosida bank kredit berish yoki bermaslikni, investor mablag‘ kiritish yoki kiritmaslikni, hamkor esa to‘lovni kechiktirish sharti bilan ishlash yoki ishlamaslikni hal qiladi. Ushbu portret Toshkentda ham, xorijda ham bir xil tushunilishi uchun u yagona qoidalar asosida tuziladi.
Hozir kompaniyalar buxgalteriya hisobining milliy standartlari (BHMS) asosida ishlamoqda. Ularning o‘rniga xalqaro moliyaviy hisobot standartlari (MHXS) asosida ishlab chiqilgan, biroq ularga nisbatan soddalashtirilgan MHMS joriy etilmoqda. Islohot 2025-yil 15-sentabrdagi Prezidentning PQ-282-son qarori bilan boshlangan.
O‘tish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi: avvalgi standart yangi MHMS bilan almashtirilmaguncha amal qiladi. 2026-yil uchun hisobot odatdagi qoidalar asosida topshiriladi.

MHMS BHMSni bosqichma-bosqich almashtiradi
Bu sizning kompaniyangizga taalluqlimi
Buni bir daqiqada tekshirish mumkin — uchta savolga javob berish kifoya.
Tashkilot jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestriga kiritilganmi? Bunday holatda u hisobni yuritadi va to‘liq MHXS bo‘yicha hisobot tuzadi. Reyestr Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank tomonidan yuritiladi va har yili 1-iyulgacha yangilanadi.
Bu budjet tashkilotimi? Ular uchun alohida standartlar amal qiladi.
Bu nodavlat notijorat tashkilotimi? Bunday tashkilotlar uchun alohida MHMS №77 qabul qilingan — u 2028-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Agar uchala savolga ham javob «yo‘q» bo‘lsa, 2027-yildan kompaniya MHMSga o‘tadi. Bunday kompaniyalar ko‘pchilikni tashkil qiladi: savdo, ishlab chiqarish, qurilish, axborot texnologiyalari, fermer xo‘jaliklari.

Tashkilot qaysi qoidalar asosida ishlashini aniqlash uchun uchta savol
1-yanvardan nimalar kuchga kiradi
Birinchi bo‘lib to‘rtta hujjat amal qila boshlaydi: umumiy tamoyillarni belgilovchi Konseptual asoslar, hisobotni qanday tuzish kerakligiga bag‘ishlangan MHMS №1, hisob siyosati va hisob baholariga bag‘ishlangan MHMS №2 hamda qishloq xo‘jaligi uchun MHMS №70.

2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan hujjatlar
Yana to‘qqizta loyiha oktabr oyining oxirida regulation.adliya.uz portalida jamoatchilik muhokamasidan o‘tdi. Ular orasida zaxiralar, nomoddiy aktivlar, daromadlar, qarzlar bo‘yicha xarajatlar va valyuta operatsiyalariga oid standartlar, shuningdek, aynan o‘tish jarayoni uchun muhim bo‘lgan ikkita hujjat — milliy standartlarni birinchi marta qo‘llashga bag‘ishlangan MHMS №7 va pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobotga bag‘ishlangan MHMS №10 mavjud. Hozircha bular loyiha hisoblanadi: matn o‘zgarishi mumkin, muddatlar esa belgilanmagan.

MHMSga o‘tish muddatlari
Asosiy o‘zgarish — foyda to‘g‘risidagi hisobot
Buxgalterlar eng sezilarli yangilikni foyda to‘g‘risidagi hisobotda ko‘radilar. Endilikda daromadlar va xarajatlar beshta toifaga ajratiladi: operatsion, investitsion va moliyaviy faoliyat, foyda solig‘i hamda to‘xtatilgan faoliyat. Ushbu model yangi IFRS 18 xalqaro standarti namunasi asosida tuzilgan.

MHMS №1 bo‘yicha foyda hisobotining beshta toifasi
Bu amaliyotda qanday ko‘rinadi? Shartli savdo kompaniyasini olaylik: tushum — 1 milliard so‘m, tannarx va xarajatlar — 850 million so‘m, depozit bo‘yicha daromad — 10 million so‘m, kredit bo‘yicha foizlar — 40 million so‘m.

Shartli misol: foyda hisoboti hozir va MHMS №1 bo‘yicha
Yakuniy natija o‘zgarmaydi, biroq yangi satr — moliyalashtirish va soliqdan oldingi foyda paydo bo‘ladi. U biznes kreditlar bo‘yicha xarajatlardan oldin qancha daromad olganini ko‘rsatadi.
«Bank uchun bu juda ko‘rgazmali ko‘rsatkich: kompaniya qarz yuklamasiga bardosh bera oladimi yoki yo‘qmi, darhol ko‘rinadi. Shu sababli depozit va kreditlar bo‘yicha foizlarni hozirdanoq alohida subschyotlarda yuritish, kurs farqlarini esa manbasi bo‘yicha ajratish tavsiya etiladi — yetkazib beruvchilar va xaridorlar bilan hisob-kitoblarni alohida, qarzlarni alohida. Bu 2027-yilda buxgalteriyaning ko‘p vaqtini tejaydi», — deya maslahat beradi Ilhom Norquziyev.
Bundan tashqari, hisobotga izohlarda hisob siyosati, rahbariyatning mulohazalari va noaniqlik mavjud bo‘lgan baholarni batafsilroq ochib berish talab etiladi. MHMS №70 bo‘yicha chorva mollari, ekinlar va hosil sotish xarajatlari chegirilgan adolatli qiymat bo‘yicha baholanadi. Fermer xo‘jaliklari hisob va hisobotni soddalashtirilgan qoidalar asosida yuritishi mumkin, bozor narxlari mavjud bo‘lmagan hollarda esa baholashning soddalashtirilgan usullaridan foydalanishi mumkin, biroq ular uchun ham baholashning asosiy tamoyili o‘zgarmaydi.
Nimalar avvalgidek qoladi
Ikkiyoqlama yozuv, birlamchi hujjatlar va inventarizatsiya saqlanib qoladi. Zaxiralar, asosiy vositalar, daromadlar va ijara hozircha amaldagi BHMS bo‘yicha hisobga olinadi, soliq hisobi esa avvalgidek Soliq kodeksi asosida yuritiladi. Yangi hisobvaraqlar rejasiga majburiy o‘tish ham mavjud emas: Iqtisodiyot va moliya vazirligi MHMS uchun tavsiya etilgan hisobvaraqlar rejasini e’lon qilgan (2026-yil 29-oktabrdagi tahrir), biroq ishchi hisobvaraqlar rejasini kompaniya mustaqil tasdiqlaydi. Yangi rejada raqamlanish boshqacha ekanini hisobga olish kerak: bir xil kod mutlaqo boshqa hisobvaraqni anglatishi mumkin.

Nimalar o‘zgaradi va nimalar avvalgidek qoladi
Yangi tuyuladigan ayrim tamoyillar — xatolarni tuzatish, muhimlik — umumiy ko‘rinishda ilgari ham uchragan. MHMS №2 hisob baholarining aniq ta’rifini birinchi marta beradi va ularni hisobotda batafsilroq tushuntirishni talab qiladi. Masalan, uskunaning xizmat muddatini o‘zgartirish kabi bahodagi o‘zgarish faqat joriy va kelgusi davrlarga ta’sir qiladi, oldingi yillardagi muhim xato esa retrospektiv tarzda, taqqoslama ma’lumotlarni qayta hisoblash orqali tuzatiladi.
Davlat o‘tish jarayoniga yordam bermoqda
Standartlarni joriy etish uchun Respublika komissiyasi tashkil etildi va yo‘l xaritasi tasdiqlandi: 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan dasturga 30 dan ortiq hujjat kiritilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi uslubiy qo‘llanma chiqardi, buxgalterlarga esa tasdiqlangan fanlar ro‘yxati bo‘yicha ACCA, ACCA DipIFR, CIMA va ACA imtihonlari uchun ro‘yxatdan o‘tish badali hamda imtihon to‘lovi kompensatsiya qilinadi, agar ro‘yxatdan o‘tish va imtihon topshirish 2026-yil 1-maydan 2028-yil 31-dekabrgacha amalga oshirilgan bo‘lsa. Ariza my.gov.uz yoki subsidiya.mf.uz orqali topshiriladi.
1C dasturini oldindan qanday tayyorlash kerak
«O‘zbekiston uchun 1C:Buxgalteriya 8» dasturida ishlaydigan kompaniyalar uchun asosiy o‘zgarishlar hujjatlar bilan kundalik ishlashga emas, sozlamalarga taalluqli. Hisobvaraq-fakturalar, ish haqi va soliq hisoboti avvalgidek qoladi. Yangi yilgacha bir nechta qadamni bajarish tavsiya etiladi:
- 2026-yilni amaldagi BHMS bo‘yicha yopish, hisobotni saqlash va uni MHMS №1 formatiga qayta tasniflash uchun tayyorlash — u taqqoslama ma’lumotlarga aylanadi;
- xarajat moddalarini ularning xususiyatiga ko‘ra ajratish (mehnatga haq to‘lash, materiallar, amortizatsiya) va pul oqimi moddalarini tekshirish — kelajakdagi pul oqimlari to‘g‘risidagi hisobot shularga bog‘liq bo‘ladi;
- depozitlar va kreditlar bo‘yicha foizlarni alohida subschyotlarda, kurs farqlarini esa operatsion hisob-kitoblar va qarzlar bo‘yicha alohida yuritish;
- dasturni MHMSni qo‘llab-quvvatlaydigan relizgacha yangilash va 2027-yil 1-yanvardan unda hisob siyosatini sozlash;
- ma’lumotlar bazasidagi hisobvaraqlar rejasini mustaqil ravishda o‘zgartirmaslik — amaldagi reja kodlariga soliq va reglamentlangan hisobotlar bog‘langan, buning o‘rniga o‘z subschyotlaringizni yangi reja bilan moslashtirish jadvalini tuzish.

«1C:Buxgalteriya» dasturida tayyorgarlikning beshta qadami
«Tayyorgarlikni hozirdanoq boshlagan ma’qul: hisob siyosati, xarajat moddalari va subschyotlarni tekshirish kerak. Shunda yanvar oyida buxgalteriya yangi qoidalar asosida xotirjam ishlaydi va ularni shoshilinch ravishda o‘zlashtirishga to‘g‘ri kelmaydi», — deya ta’kidlaydi ekspert.
Shoshilmasdan o‘tish
Agar yil oxiridagi katta ish hajmi sababli ushbu qadamlarni bajarishga vaqt yetmasa, tayyorgarlikni 1C hamkoriga topshirish mumkin. Leading Business Software kompaniyasida bunday ish uch bosqichda tashkil etiladi.
«Diagnostika» bosqichida mutaxassislar kompaniya qaysi qoidalar asosida ishlashini aniqlaydi, 1C ma’lumotlar bazasi va hisob siyosatini tekshiradi hamda 1-yanvargacha bajarilishi kerak bo‘lgan takomillashtirishlar ro‘yxatini tuzadi. «MHMSni boshlash» bosqichida xarajat moddalari, subschyotlar va pul oqimlari yangi toifalarga mos ravishda sozlanadi, MHMS №1 bo‘yicha foyda hisoboti tayyorlanadi va buxgalteriya xodimlari o‘qitiladi. «2027-yilgi qo‘llab-quvvatlash» esa yangi standartlar asosida ishlashning birinchi yili davomida yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi. Asosiy ko‘rsatkichlar — foyda, marja va pul mablag‘larini rahbar LeadingBI panelida kuzatishi mumkin.
Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestriga kiritilgan tashkilotlar uchun Leading MHXS bo‘yicha hisobni, jumladan, «O‘zbekiston uchun 1C:Buxgalteriya 8 KORP MHXS» dasturida sozlaydi.
Leading Business Software — O‘zbekistondagi «1C» firmasining rasmiy hamkori. 1C foydalanuvchilari uchun maslahat liniyasi har kuni soat 07:00 dan 23:00 gacha ishlaydi.
MHMSga o‘tishdan oldin hisob diagnostikasiga yozilish uchun telefon: (+998) 55-510-51-51.
Elektron pochta: info@leading.uz
Sayt: leading.uz
Facebook: fb.com/leading.group
Instagram: @leading.uz
Telegram: t.me/leading_g
Material Iqtisodiyot va moliya vazirligi buyruqlarining 2026-yil 21-noyabr holatidagi rasmiy matnlari asosida tayyorlangan.
Reklama huquqi asosida.
Boshqa kompaniya yangiliklari
2027-yil 1-yanvardan — yangi standartlar bo‘yicha: MHMS kompaniyalar hisobotida nimalarni o‘zgartiradi
23 noyabr 2026Leading’dan «Oltin aksiya»: 10% keshbek, 2 soat dasturlash va oltin quymasi
15 oktyabr 2026LeadingBI — управленческая аналитика на основе данных 1С
30 iyul 20261S uchun yangi 3.1.17.1 nashri: PROF ish haqi va xodimlarni boshqarish
10 fevral 2026Biz 24/7 ishlaymiz.Bizning mutaxassislarimiz istalgan vaqtda sizning savollaringizga javob berishga va kerakli maslahat va yordamni mutlaqo bepul berishga tayyor.